Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’limdan maqsad o‘quvchini keng qamrovli fikr-mulohaza yuritadigan va muloqotga kirisha oladigan, ta’lim jarayonida egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini o‘z shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy faoliyatida qo‘llay oladigan barkamol shaxs qilib yetishtirishdir. Umumta’lim maktablari oldiga, bir tomondan, tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan jarayonlarni to‘g‘ri tushunadigan, ikkinchi tomondan, jamiyat hayotida faol ishtirok etib, o‘z ijobiy ta’sirini o‘tkaza oladigan har tomonlama ziyoli shaxsni tarbiyalash vazifasi qo‘yilmoqda.

         Ta’limni sifatli tashkil etish, olingan bilimdan unumli foydalanishga o‘rgatish o‘qituvchi oldidagi dolzarb masalalardan biri. Shu masala yuzasidan 2019-yil 26-aprel kuni Buxoro viloyati Olot tumani 2-o‘rta ta’lim maktabida “Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan dars – ta’lim sifatini oshirishda muhim omil” mavzusida  viloyat seminari tashkil etildi. Seminarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida fanga oid  kompetensiyalarni shakllantirish metodlariga asoslangan ochiq mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarga viloyatning barcha tumanlaridan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, tuman metodistlari taklif etildi.

Seminarning kirish qismi yakunlangach, mehmonlar “Ochiq darslar yarmarkasi”ga kuzatildi. Yarmarkada 1-“A” sinfida  Cherneskaya  Galinaning  “Три медведя”  Л. Толстой mavzusida чтение darsi, 1-“B” sinfida Xattobova Feruzaning “Kapalak” Mirmuhsin mavzusida o‘qish darsi, 1-“V” sinfida Hodjiyeva Nodiraning “Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra jadval to‘ldirish” mavzusida matematika darsi, 3-“B” sinfida Jumayeva Jamilaning “Ot so‘z turkumiga doir mashqlar bajarish” mavzusida ona tili darsi, 2-“B” Rahmonova Malohatning  “Uch xonali sonlarni taqqoslash” mavzusida matematika darsi, 4-“A” sinfida  Ergasheva O‘g‘iloyning  “Har doim bo‘lsin tinchlik” o‘zbek tilidan, 4-“G” Eshonova Marg‘ubaning “Fe’llarning shaxs-son qo‘shimchalari bilan tuslanishi” mavzusida ona tili darsi, 4-“V” Barrayeva Nargizaning  “Jimjiloq” ertagi. Chingiz Aytmatov mavzusida o‘qish darslari kuzatildi va tahlil qilindi.

Bundan tashqari, BuxDU boshlang‘ich ta’lim kafedrasi dotsenti F.M.Qosimov “Ko‘pyoqlar. Fazoviy figuralar. Koordinata chiziqlari” mavzusida trening o‘tkazdi. Treningning kirish qismida boshlang‘ich sinfning matematika fani o‘quv dasturiga kiritilgan o‘zgartirishlar, yangi kiritilgam mavzular haqida gapirib o‘tdi. Geometrik materialga oid kiritilgan yangi mavzular, ularni o‘qitish metodlariga alohida to‘xtalib ularni o‘qitish metodlari haqida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga bir qancha tavsiyalarni berdi.

Buxoro viloyat XTXQTMOHM maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi o‘qituvchisi S.S.To‘rayeva “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ta’lim sifatini xalqaro baholash dasturlari talabi darajasida tayyorlash” mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sifatini baholashning xalqaro dasturlariga a’zo bo‘lganligi, dasturlar 2021-yildan davlatimiz maktablarida o‘z faoliyatini boshlashi haqida fikr bildirdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikamiz bo‘yicha reytingi yuqori bo‘lgan maktablarni aniqlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilganligini,  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Milliy markaz” esa maktablarni ta’lim sifatini xalqaro baholash dasturlari talabi darajasida tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanishini eslatib o‘tdi.

Xalqaro dasturlarning faoliyati, nomi, o‘tkazish usullari va ko‘zlagan maqsadi haqida seminar ishtirokchilariga umumiy ma’lumot berdi. Xalqaro dasturlardan TIMSS va PIRLS tadqiqotlari 4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida sinov o‘tkazishi, sinov natijalari orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ona tili, matematika va tabiiy fanlardan savodxonlik darajasi, olingan natijalar bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilarining  dunyo  davlatlari  orasida  turgan o‘rni aniqlanishini tushuntirdi. Bunda o‘quvchining matematik savodxonligi barcha fanlarni, ayniqsa aniq fanlarni o‘zlashtirishda muhim o‘rin egallashini uqtirdi. Matematika – fan va texnika taraqqiyotining asosiy omillaridan biri bo‘lib, fan, madaniyat va kundalik hayotimizda alohida o‘rin tutishini shuning uchun o‘quvchilarning dars va darsdan tashqari faoliyatida keng ko‘lamdagi matematika bilan shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi.

 

Tayyorladi                                        Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi S.S.To‘rayeva