2018-yil 14-fevral kuni BuxDU huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining faolllar zalida ona tili va adabiyoti fani malaka oshirish kursi tinglovchilari tomonidan buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlariga bag’ishlangan “Borliqni bo`ston aylagan shoirlar” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o’tkazildi.
Mazkur tadbirda ona tili va adabiyoti, chet tili, fransuz tili o’qituvchilari, jami 200 nafar tinglovchilar hamda institut professor-o’qituvchilari ishtirok etdilar. Tadbirni markaz direktori M. Daminov ochib berdi. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida markazning faxriy a’zosi, Xalq maorifi a’lochisi Sh.O.Boltayev ma’ruzasi tinglandi.
Unda buyuk adiblarning Vatani, xalqi, ajdodlari tarannum etilgan asarlarini o’rganish, ularni o’quvchi-yoshlar ongiga singdirish pedagoglar zimmasidagi asosiy vazifalardan biri ekanligi, yurtimizda ularning serqirra ijodiy faoliyatlarini o’rganish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi yangi ilmiy tadqiqotlar, ijodkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, ularni qo’llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida so’z bordi.
Ma'naviy-ma'rifiy tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayot yo’li, ijodiy faoliyati haqida multimedialardan samarali foydalanilib keng ma'lumotlar berildi. Shoirlar she’riyatining o’ziga xosligi, mavzu ko’lamining kengligi, sodda, ravon, xalqona tilda yaratilganligi va juda ko’p she’rlarining qo’shiq sifatida kuylanayotganligi xususida to’xtalib o’tilib shoirlar g’azallari kurs tinglovchilari tomonidan ijro etildi, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari asosida parcha namoyish etilganligi barchaga manzur bo’ldi.
Tadbir yakunida “Tillarni o`qitish metodikasi” kafedrasi mudiri B.Axmedov so’zga chiqib, buyuk siymolar ijodini o’rganish va keng targ`ib qilish xususida o’z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Sahna tadbirga mos, mavzu mohiyatini yoritishga xizmat qiliuvchi ko’rgazmalar bilan bezatilganligi, tadbir qatnashchilarining kiyimlari ham o’ziga xos holda tanlanganligi o’rinli bo’ldi.
Tayyorladi: BuxDU huzuridagi XTXQTUMOHM “Ilg‘or tajriba va
xalqaro hamkorlik ilmiy-axborot tadqiqotlar” bo‘limi