Ko’hna va boqiy Buxoro tarixini o’rganishga bag’ishlangan dars
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko’rsatmalari asosida BuxDU da joriy yil 5-aprelda «Buxoro tarixi» kafedrasi tashkil etilgan edi.
2018-yil 18-oktabrda BuxDU huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi «Tarix fani o’qituvchilari» malaka toifasi tinglovchilari Buxoro davlat universitetining «Buxoro tarixi» kafedrasiga tashrif buyurdilar va kafedra olimlari ishtirokida «Muloqot darsi» o’tkazildi.
«Muloqot darsi»da «Tarix» kursining 29 nafar tinglovchisi ishtirok etdi. «Muloqot darsi»da «Buxoro tarixi» kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor H.H.To’rayev, shu kafedra dotsenti, tarix fanlar nomzodi M.B.Qurbonova va BuxDU huzuridagi XTXQTUMO hududiy markazi «Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar metodikasi» kafedrasi mudiri, tarix fanlar nomzodi, dotsent Yu.H.Haydarovlar ishtirok etishdi.
Darsda tarix fanlari doktori, professor H.H.To’rayev «Buxoro tarixi» kafedrasining tashkil etilish jarayonlari, kafedrada o’qitiladigan fanlar va ularning mazmun-mohiyatiga atroflicha to’xtalib o’tdi.
“Ma’naviyat soati” dolzarb masalalarni o‘rganishga bag‘ishlandi
26-oktabrdagi BuxDU huzuridagi XTXQTMO hududiy markazida tinglovchilar uchun o‘tkazilgan “Ma’naviyat soati” mamlakatimizda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi va rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni o‘rganishga bag‘ishlandi.
Joriy yil 18-19 sentabrda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar“ mavzusidagi O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi va unda qabul qilingan noyob kelishuvlar mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, “Ma’naviyat soati”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24-oktabrda oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarining nufuzi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati, talabalarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, o‘qitishni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, ta’lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish borasidagi yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tahliliga to‘xtalib o‘tganliklari haqida fikr yuritildi.
Buxoro shahar 10- umumta’lim maktabi Ingliz tili fani o’qituvchisi Muxayyo Farmonovaning ish tajribasini ommalashtirish
Mavzu: Ingliz tili darslarida sifat samaradorlikni oshirishda axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish va sifatli ta’lim berish maqsadida ingliz tili o’qituvchilari foydalanishlari uchun ochiq dars ishlanmalari
(Buxoro shahar Xalq ta’limi bo’limi metodisti: N. Sherova)
Davrimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lgan axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan uning imkoniyatlaridan foydalanib,ta’lim jarayoniga yangicha yondashish va uni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. XX1 asr – yuksak texnologiyalar asri bo‘lib, zamonaviy yoshlarimiz nafaqat davr ruhiga monand, balki elektron olamdagi taraqqiyotga muvofiq qadam tashlamoqdalar.
Shu boisdan ham, yosh avlodga ta’lim berish jarayoniga boshqacha yondashishni talab etmoqda. Darslarda o‘qituvchining o‘rni ham o‘zgarib bormoqda.
O‘qituvchi endilikda asosan yo‘naltiruvchi vazifasini o‘tamoqda. Zamon bilan hamnafas qadam tashlashni maqsad qilgan o‘qituvchilar darsning har qanday qismini AKT orqali jonlantirishga tayyor bo‘lishlarini davr talab etmoqda.
Ta’lim jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ayniqsa, chet tillarini o‘qitish va o‘rganishda tobora katta ahamiyatga molik bo‘lib bormoqda. Yangi axborot texnologiyalari chet tillarini o‘qitishda katta imkoniyatlarni taqdim etadi, fan bo‘yicha sifatli bilim olish va ta’lim samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, davr talabiga monand dars o‘tishda mazkur fandan o‘tiladigan birorta ham mashg‘ulot o‘qituvchi yoki o‘quvchilarning taqdimotisiz o‘tmasligi lozim.