Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda o‘zlashtirmovchilikni oldini olish, ularni fanlarni o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida markazning maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi va viloyatning “Kids`Land” nodavlat ta’lim markazi psixologi M.S.Sharipov bilan birgalikda 2019-yil 20-noyabr kuni soat 1000da “O‘qishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etishda neyropsixologik yondashuv” mavzusida viloyat miqyosida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Seminarda markazning professor-o‘qituvchilari, viloyatning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari, tuman metodistlari, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari hamda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari malakasini oshirish kursi tinglovchilari ishtirok etdi.

      Seminar ishtirokchilariga bugungi kunda har bir diqqatli o‘qituvchi o‘z o‘quvchilari orasida o‘zining optimal quvvatini boshqara olmayotganini yoki ish jarayoniga tez kirisha olmayotganligini yoki ishlash jarayonida tez charchab qolishi va ishchanligi pastligini sezishi qiyin emasligi tushuntirildi. Hattoki bunday muammoli bolalarda parta ortida ko‘p muddat turish, darsning birinchi yarmida arang o‘qituvchining tushuntirishlarini tinglashga bardosh berishlari darsning ikkinchi yarmida dars jarayonidan chetlashib, hattoki partaga boshlarini qo‘yib olish kabi holatlar kuzatilganligi tahlil qilindi. Yaxshi o‘zlashtirmayotgan, o‘qishda turli qiinchiliklarga duch kelayotgan bolalarning yozuvga oid vazifalari ko‘p hollarda oxiriga yetmasdan qolib ketashi va yozuvdagi xatolar tez-tez va qo‘pol ravishda buzilganligi namoyon bo‘la boshlashi kabi masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

     Seminarni Buxoro viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi direktori N.G‘. Dilova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

    Shu bilan birga “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim  metodikalari” kafedra mudiri, dotsent  G.T.Yadgarova “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘quv motivatsiyalarini shakllantirishda o‘qituvchi psixologik bilimlarining ahamiyati” mavzusida, “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tafakkurni rivojlantirish shart-sharoitlari” mavzusida kafedra katta o‘qituvchisi M.S.Narziyeva, “O‘qishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etishda neyropsixologik yondashuv” mavzusida “Kids`Land” nodavlat ta’lim markazi psixologi M.S.Sharipov, kafedra katta o‘qituvchisi D.Sh.Qurbonova “Kichik maktab yoshi o‘quvchilarining psixologik muammolari, ular bilan olib boriladigan korreksion ishlar” mavzusida hamda “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etishda interfaol usullardan foydalanishning ahamiyati” kafedrasi o‘qituvchisi N.H.Aslanovalarning ma’ruzalari tinglandi.

    Ma’ruzalarda o‘qishdagi qiyinchilikka uchrashning yana bir varianti bu bola miyasining blok-qismlari yaxshi rivojlanmay qolganligi ham sabab bo‘lishi psixologlar tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. Bildirilgan fikrlar asosida yuqoridagi muammolarni yechish, bartaraf etish yo‘llari ham berib o‘tildi.

     Maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarda vujudga kelgan  bu muammolarni oldini olish va ularni yengib o‘tishda neyropsixologik bilimlarning o‘rni beqiyosligi ham yechim sifatida qabul qilindi. Chunki neyropsixologik yondashuv oliy psixik funksiyalarning o‘rganib bolalarning kuchli va zaif tomonlarini o‘z vaqtida aniqlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga, guruh yoki individual tarzda korreksion ishlarni samarali tashkil qilish orqali mavjud muammolarni yaxshilashga yordam berishi ham muhokama qilindi. 

      Neyrokorreksion mashqlar tizimli ravishda to‘g‘ri tashkil etilsa, bola asab tizimining tekis rivojlanishiga olib kelib, o‘qishdagi yutuqlarini oshishiga sabab bo‘ladi. Buning uchun eng avvalo maktablarda faoliyat yuritayotgan amaliyotchi psixologlarni neyropsixologik bilimlar bilan tanishitirib, o‘quvchilarning o‘quv jarayonidagi qiyinchiliklar bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida aniqlashni o‘rgatish orqali muammolarni samarali tarzda oldini olishga erishish mumkin.

 

Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim

metodikalari va kafedrasi o‘qituvchisi S.S.To‘rayeva